Foto: Prokuratura departamenti
Tabiiy gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Xabarda aytilishicha, Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o'tkazilgan. Unda “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti Andijon shahar boʻlimi mansabdor shaxslari xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganliklari oqibatida, “E.b.” va “M.M.” MCHJlar tomonidan tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib olgan. Ular ohak ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,1 mlrd soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan tekshiruv o'tkazilgan.
Qayd etilishicha, “B.E.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida tabiiy gaz sarfini hisoblash uskunasi tekshirish metodikasi talablariga javob bermasligi, bosim kanalidagi koʻrsatkichlar notoʻgʻri ishlab kelganligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,5 mlrd soʻm zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Departamentning qoʻshimcha qilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling