Foto: Tez News
Samarqand viloyatining ayrim hududlaridagi maktab oʻquvchilari qishki taʼtuldan muddatdan ertaroq qaytadi. Bu haqda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Samarqand shahrida oʻtkazilgan SHHT sammiti sababli navbatdan tashqari taʼtil berilgan maktab oʻquvchilari qishki taʼtildan boshqa joylardagiga nisbatan ertaroq qaytadi.
Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining qaroriga koʻra, Samarqand shahridagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga, shuningdek, Oqdaryo, Toyloq, Samarqand tumanlarining mahalliy kengashlari qarorlari va Jomboy tuman hokimligining tegishli farmoyishiga asosan Samarqand tumanidagi 3 ta (7,23,53), Toyloq tumanidagi 5 ta (11,12,15,17,59), Oqdaryo tumanidagi 5 ta (25,38,39,41,48), Jomboy tumanidagi 6 ta (5,6,8,22,20 va 44) umumtaʼlim maktablariga 5−19-sentyabr kunlari navbatdan tashqari taʼtil berilgan.
Qarorlarda qoldirilgan dars soatlari oʻquv yili davomida beriladigan taʼtillar hisobiga qoplanishi belgilangan. Shunga koʻra, muassasalarda 5, 6, 7 va 8-sentyabr kunlari qoldirilgan darslar kuzgi taʼtilning 4, 5, 7 va 8-noyabr hisobidan toʻldirilgan.
Shuningdek, 9, 10, 12, 13, 14-sentyabr kunlari qoldirilgan darslar oʻrni qishki taʼtil kunlarining oxirgi 5 kuni hisobidan, (5, 6, 7, 9, 10-yanvar kunlari) jami 5 oʻqish kuni hisobidan toʻldiriladi.
Bundan tashqari, 15, 16,17-sentyabr kunlari qoldirilgan dars mashgʻulotlari oʻrni esa 2023-yil bahorgi taʼtilning oxirgi 3 oʻqish kuni hisobidan qoplanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling