Ayrim mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX.
Andijon viloyati, Bo‘ston tumani hokimining investitsiya hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zaro til biriktirib, fermer xo‘jalikning 500 ming dollarlik eksport rejasini soxta eksport operatsiyalari orqali yopib berish evaziga 65 mln so‘m talab qilgan.
Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari joriy yilning avgust oyida so‘ralgan pulning 25 mln so‘mini avans sifatida oladi.
Qolgan 40 mln so‘mini tuman hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari orqali olayotgan paytda ushlandi.
Boshqa holatda esa fuqaro DXX Call markaziga murojjaat qilib, 2 nafar shaxs o‘zlarining hokimlikda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Sergeli tumanida joylashgan MCHJga tegishli 1 gektar yerning toifasini o‘zgartirib, u yerda ko‘p qavatli uy-joy qurishga ruxsat olib berish evaziga 900 ming dollar talab qilishganligini aytadi.
Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslar oldindan 220 ming dollarni olgan vaqtlarida ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qarshi shahrida joylashgan “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi raisi o‘rinbosari ariza muallifining o‘g‘liga imtihonsiz haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga, xizmat xonasida 20 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.