Qashqadaryoda yupun kiyingan o'quvchi qizlar o'qishga aloqasi yo'q tadbirga jalb qilindi

Xalq taʼlim vazirligi bunga munosabat bildirdi

Foto: Telegram<br>

Foto: Telegram

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida kechki payt maktab hovlisida tashkil etilgan tadbirga yupun kiyingan oʻquvchilar jalb etilgani aks etgan xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Xalq taʼlimi vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Shahrisabz shahar Yoshlar ishlari agentligi va sektor rahbarlari “yoshlar daftari”da turganlarga navbatdagi subsidiya asosida mehnat qurollarini va toʻlovlar uchun sertifikatlar topshirish marosimini oʻtkazilgan.

Unda oʻquvchilar ham yupun kiyimda ishtirok etganini koʻrish mumkin. Taʼkidlanishicha, Shahrisabz shahridagi 1-maktab hovlisida tashkil etilgan ushbu oʻquvchilarga mutlaqo aloqasi boʻlmagan tadbirga bolalar jalb etilgan.

“Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan maktab oʻqituvchi va oʻquvchilarini maktab vaqtidan tashqari, ularning salomatligi hamda xavfsizligiga xavf soladigan turli tadbirlarga jalb qilmaslik boʻyicha doimiy ravishda ogohlantirib kelinadi. Afsuski, shunga qaramay ushbu suratdagi kabi ayanchli holatlar yuzaga kelmoqda. Bolalarning maktabdan tashqari vaqtlarda tadbirga jalb etilishi va eng achinarlisi, sovuq ob-havo sharoitiga qaramay ularning yupun kiyimlarda ekani ushbu hududdagi har bir mutasaddining aybi, deb hisoblaymiz”, — deyiladi munosabatda.

Xabarda qayd etilishicha, hudud mutasaddilari sanalgan hokimlar, sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari masʼullaridan taʼlim muassasada maktab vaqtidan tashqari tadbirlarni tashkil etayotganda maktab oʻquvchi va oʻqituvchilarini jalb qilib, bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymasliklarini qatʼiy soʻragan.

Shu bilan birga joylardagi xalq taʼlimi boshqarma, boʻlimlari va maktab rahbarlaridan ham tegishli xulosalar chiqargan holda, bunday harakatlarga yoʻl qoʻymasliklari yuzasidan qatʼiy ogohlantirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling