Foto: Instagram
Ijtimoiy tarmoqlarda uning odob-axloq qoirdalariga zid ravishda tasvirga olingan videosi tarqalib, jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab boʻlgani tufayli Instagramda “Sevinchka” taxallusi ostida ijod qiluvchi bloger besh sutkaga qamaldi.
Qayd etilishicha, 11-noyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida 21 yoshli blogerga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilgan. Sud yakuniga koʻra, bloger Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan.
Ish hujjatlariga koʻra fuqaroning Mirobod tumani IIO FMB boshligʻiga yozgan ariza yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruv natijasida mazkur bloger ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid boʻlgan oʻzining ishtirokidagi video va rasmlarni jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan joylashtirib, jamoat tartibini buzib, fuqarolarning oʻrinli eʼtirozlariga sababchi boʻlgan.
Sud qarori bilan unga nisbatan besh sutkaga maʼmuriy qamoq jazosi belgilangan.
Xabarga koʻra, ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling