Farg'onada ota-bola tomonidan tez yordam xodimi kaltaklandi

Holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda

Foto: Farg'ona IIB

Foto: Farg'ona IIB

Fargʻona viloyatining Rishton tumanida tez yordam xodimini kaltaklagan shaxslarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, deb xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 12-noyabr kuni soat 04:00 larda Rishton tumani “Oqtomir” MFYda yashovchi fuqaro tuman tez tibbiy yordam boʻlimiga qoʻngʻiroq qilib, 80 yoshli otasining sogʻligʻi yomonlashganini maʼlum qilgan.

Tez yordam xodimlari fuqaroning yashash xonadoniga borib, bemorga birinchi tibbiy yordam koʻrsatib, uning qon bosimi koʻtarilgani sababli tuman markaziy shifoxonasiga olib ketayotgan vaqtlarida bemor vafot etgan.

Otasining vafot etganidan gʻazablangan fuqaro va uning oʻgʻli  tez yordam xodimini urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Rishton tuman IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling