Navoiydagi konda ishchi xizmat avtomobili yonib ketishi oqibatida vafot etdi

Yong'in tog‘ jinslarini tashish vaqtida, avtosamosvalning old chap g‘ildirak shinasi yorilishi natijasida yuzaga kelgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Auminzo-Amantay” konida BELAZ 7513 avtosomasvali yonib ketishi oqibatida haydovchi vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati prokuraturasi bayonot berdi.

Unga ko'ra, joriy yilning 28-sentyabr kuni taxminan soat 17:00 atrofida, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida bo‘lgan Markaziy kon boshqarmasiga qarashli, Avtomobil transporti boshqarmasida haydovchi bo‘lib ishlovchi 1991-yilda tug'ilgan fuqaro “Auminzo-Amantoy” koni hududida o‘ziga biriktirilgan “Belaz” avtosomasvalda tog‘ jinslarini tashish vaqtida, avtosamosvalning old chap g‘ildirak shinasi yorilishi natijasida yong‘in kelib chiqqan.

Oqibatda yong‘in avtosomasval kabinasiga ham o‘tib, 31 yoshli haydovchi kuyish tan-jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, fuqaro 30-sentyabr kuni shifoxonada vafot etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan IIV huzuridagi 2-son IIB tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, sudga oid tibbiy va komission ekspertizalar tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling