Foto: Repost.uz
Toshkentda avtobuslarning harakatlanish oraliq vaqti 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqarmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, prezident topshirigʻiga asosan, soʻnggi uch kunda Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida tezkor choralar amalga oshirilyapti.
Xususan, 16-17-dekabr kunlari poytaxtga 204 ta avtobus olib kelingan va yoʻnalishga chiqarilgan. Natijada, yoʻnalishdagi avtobuslarning harakatlanish oraliq vaqti 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqargan.
Shuningdek, shahardagi 148 ta yoʻnalishning 34 tasi muammoli ekani aniqlangan. Barcha yoʻnalishlarga 200 dan ortiq qoʻshimcha avtobus jalb etilgach, 17 ta yoʻnalishdagi muammo bartaraf etildi, biroq aholi ehtiyojlarini toʻliq qondirish uchun yana 21 ta yangi avtobus yoʻnalishi shakllantirilishi zarurligi qayd etildi.
Poytaxtning 8 ta avtobus parkining 1374 ta transport vositasi toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazildi, ulardan texnik nosoz holatdagi 259 ta avtobusning 89 tasi taʼmirlandi.
Shu bilan birga, haydovchilar tanqisligini bartaraf etish maqsadida 2425 nafar “D, E” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxs roʻyxati shakllantirildi, hozirga qadar ularning 140 nafardan oshigʻi ishga qabul qilindi.
“Avtobus saroylaridagi mavjud issiqlik, suv va shu kabi boshqa muammolar bartaraf etildi. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling