Foto: Svetlana Makoveyeva
Xabarovskda yashovchi Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyada taqiqlangan “Hayat Tahrir ash-Shom” terrorchilik tashkiloti manfaatlarini koʻzlab qasddan sodir etgan harakatlari uchun toʻqqiz yilga qamaldi. Bu haqda Xabarovsk harbiy okrug sudi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, oʻzbekistonlik erkak ushbu tashkilot aʼzolariga terrorchilik faoliyati chaqiriqlarini tarqatishi uchun sim-kartalar olib bergan. Shuningdek, u uning rahbariga sodiqlik qasamini keltirgan, shundan keyin Rossiya Milliy gvardiyasining Xabarovskdagi qoʻshinlariga qarashli obyektlari haqida maʼlumotlar toʻplab, taqdim etgan. Ushbu fuqaroning shaxsan oʻzi terrorchilarga 4 ming rubl pul oʻtkazgan.
Sud uni Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topgan va 9 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Mahkum jazo muddatining dastlabki ikki yilini qamoqda, qolgan qismini qattiq rejimli axloq tuzatish koloniyasida oʻtaydi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling