Toshkentning ayrim hududlarida elektr taʼminoti vaqtincha uzildi

Elektr tarmoqlarni yangilab, modernizatsiya qilinayotgani sabab uzilgan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Toshkent shahar Uchtepa va Bektermir tumanlarining ayrim hududlarida elektr energiyasi vaqtincha oʻchirildi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 22-dekabr kuni Uchtepa tumani hududidagi ayrim aholi yashash xonadonlari hamda kichik tadbirkorlik subektlarida elektr energiyasi soat 09:00 dan 17:00 qadar vaqtinchalik oʻchirilgan.

Shuningdek, isteʼmolchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasini yetkazib berilishini taʼminlash, shuningdek, elektr tarmoqlarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariya holatlarini oldini olish, hamda taʼmirlash ishlarini xavfsiz bajarish maqsadida Bektemir tumanining “Katta qani” MFY hududidagi aholi yashah xonadonlarida elektr energiyasi vaqtinchalik oʻchirilgan.

“Sababi isteʼmolchilarga elektr energiyasini sifatli hamda ishonchli yetkazib berish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyali uzilishlarni oldini olish va tuman elektr taʼminoti korxonalasi tomonidan hududlarda past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda”, — deyiladi xabarda.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali mazkur taʼmirlash ishlari tufayli elektr energiyasi taʼminotidagi vaqtincha uzilishlar sababli yetkazilayotgan noqulayliklar uchun ushbu hududlarda yashovchi isteʼmolchilardan uzr soʻragan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling