Foto: Tez News
Respublika viloyatlari boʻylab yer oldi-sotdisi boʻyicha bir qaancha firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar boʻlimi tomonidan IIB va DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazilgan. Tekshiruvlar natijasida, ikki nafar shaxs boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, unga Buxoro tumani “Bogʻdasht” MFY hududidan “S.K” MCHJga koʻp qavatli uy-joy kompleksi qurish uchun 1,12 gektar yer maydonini ajratish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilingan boʻlsada, unga ushbu yer maydonini 120 ming dollarga sotishlarini aytgan.
Shundan soʻng, tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 70 ming dollarni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Shuningdek, Departamentning Samarqand tuman boʻlimi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tezkor tadbirlari oʻtkazilgan. Uning natijasiga koʻra, “A.S.” MCHJ rahbari ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga MCHJga intensiv tokzorlar barpo qilish uchun ajratilgan 4 gektar yer maydonini yengil konstruksiyali issiqxona qurish uchun 50 ming dollarga sotishini aytgani aniqlangan.
Xabarga koʻra, u tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 30 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Olmaliq shahar boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir fuqaroga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali oʻzi raislik qilib kelayotgan “Z.” bogʻdorchilik uzumchilik shirkatiga qarashli 20 sotix yer maydoniga egalik qilish huquqini beruvchi order olib berishni vaʼda qilgani aniqlangan. Buning evaziga 23 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Huddi shunday Departamentning Marhamat tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro oʻziga issiqxona qurish uchun ajratilgan 20 sotix yer maydonining 4 sotixini tanishlari orqali boshqa bir fuqaroning nomiga turar-joy qurish uchun rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. U mazkur kelishuv ortidan 7 200 dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling