Foto: Repost.uz
Oʻzbekiston hududlari boʻylab hafta oʻrtalarida qor yogʻishi kutilmoqda. Bu haqda Oʻzgidrometeorologiya xizmati markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 19-dekabr kuni Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi. Respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida baʼzi joylariga tuman tushadi. Havo harorati +7...+10 daraja atrofida iliq boʻladi.
20-dekabr kuni respublikaning katta qismida +7...+10 daraja iliq boʻlgan harorat bilan quruq va nisbatan iliq ob-havo saqlanib turadi. Faqat shimoliy hududlarga Kavkaz hududlaridan sovuq antitsiklon kirib kelishi boshlanadi. Sovuq havo oqimi kirib kelishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha biroz qor yogʻishi kutilmoqda, baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi, havo harorati 0...+3 daraja iliqgacha pasayadi.
21-dekabrda sovuq antitsiklon kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Oʻzbekiston boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir va qor koʻrinishida biroz yogʻingarchilik boʻladi. Baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechasi -3 daraja sovuq +2 daraja iliq, kunduzi +3...+8 daraja iliq atrofida boʻladi. Respublika shimolida kechasi harorat -9...-11 daraja sovuqgacha kuchayadi, kunduz kuni 0...+3 daraja sovuqgacha pasayadi.
22-23-dekabr kunlari Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat 22-dekabrda Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda biroz qor yogʻishi kutilmoqda. Harorat kechalari -2...-5 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari +2...+5 daraja iliqgacha pasayadi.
Respublika boʻyicha kechasi va ertalab tuman tushishi kutilmoqda. 21-22-dekabr kunlari yoʻllarda yaxmalak boʻlishi mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling