Foto: Al Jazeera
Repost.uz nashri O'zbekiston va dunyo bo'yicha eng qiziq sport xabarlarini qisqa va tushunarli ko'rinishda bir joyga jamladi.
Neymar: “Jarohat olganimdan keyin tun boʻyi yigʻlab chiqdim”
Foto: Marca
Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar Jahon chempionati 1/8 finali doirasidagi oʻyinda (4:1) Janubiy Koreya ustidan qozonilgan gʻalabadan soʻng oʻz his-tuygʻulari bilan oʻrtoqlashdi.
“Jarohat meni juda qoʻrqitdi, chunki hammasi yaxshi kechayotgandi, mavsumni yaxshi oʻtkazdim. Bunday jarohatni orttirib olish juda yoqimsiz edi. Shundan keyin tun boʻyi yigʻlab chiqdim, buni oilam biladi. Lekin hammasi ortda qoldi.
Endi oldingi chempionatlardagidan uzoqroqqa borishga harakat qilishimiz kerak. Biz kubokni yutmoqchimiz, lekin asta-sekin oldinga intilishimiz kerak. Bu bizning toʻrtinchi oʻyinimiz edi, oldinda yana uchta oʻyin bor. Biz yaxshi tayyorgarlik koʻrdik va sovrin haqida oʻylayapmiz”, – dedi Neymar.
Braziliyaning chorak finaldagi raqibi Xorvatiya boʻladi. Bahs 9-dekabrga belgilangan.
Shohjahon Ergashev: “Shahramni havaskorda magʻlub etganman, endi u bilan profida jang qilmoqchiman”
Foto: You Tube
Oʻzbekistonlik boks yulduzlaridan biri Shohjahon Ergashev "Olamsport.com" saytiga intervyu berdi.
Bokschi yana bir bor Shahram Gʻiyosovga qarshi jang qilish kerak deb hisoblashini maʼlum qildi.
“Odamlar oʻzbek bilan oʻzbek urishmasligi kerak deydi. Biroq meni bu sport tomonidan qiziqtiradigan jangim. U bilan boks tushgim kelmoqda. U bilan yana bir bor jang qilmoqchiman. Shahram bilan havaskorda jang qilganman va magʻlub etganman. Endi u bilan profi'da jang qilmoqchiman. Havaskorda uch raundlik jangda gʻalaba qozonganman, endi koʻp raundlik jangda u bilan ringda toʻqnash kelmoqchiman”, - deb fikr bildirdi Ergashev.
Ronaldu ketganidan soʻng MYu'dagi atmosfera yaxshi tomonga oʻzgardi
Foto: British GQ
“Manchester Yunayted”dagi jamoaviy kayfiyat ijobiy tomonga oʻzgardi.
Oʻtgan mavsum oxirida MYu kiyinish xonasidagi atmosfera juda yomonligi haqida maʼlum qilingan edi. Rahbariyat joriy mavsumda hammasini oʻzgartirdi.
Ronaldu hikoyasi bu oʻzgarishda katta rol oʻynadi. Maʼlumotlarga koʻra, jamoadagilar Erik ten Xagning Krishtianuga nisbatan qoʻllagan jazolaridan hayratlanishgan. 37 yoshli futbolchi stadionni erta tark etgani uchun bitta oʻyinga tarkibdan chiqarilgan edi.
Hozir Karringtondagi bazada barchaning kayfiyati yaxshi. 22-noyabr kuni klub portugaliyalik bilan shartnomani buzgani haqida eʼlon qilgandi.
Tite: “Mening raqsim raqibga nisbatan hurmatsizlik emasdi”
Foto: Open source
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tite “selesao” futbolchisi Risharlisonning JCH nimchorak final uchrashuvida (4:1) Janubiy Koreya termasiga urgan golidan keyin namoyish etgan “kabutar raqsi”ni tushuntirib berdi.
“Har doim buni hurmatsizlik deb hisoblaydigan qoralovchilar bor. Men koʻrinmaslik uchun futbolchilardan meni yopishlarini soʻradim.
Men shunchaki goldan, natijadan, umuman oʻyindan xursand boʻldim, boshqa narsa haqida oʻylaganim yoʻq. Bu raqibga yoki men juda hurmat qiladigan Paulu Bentuga nisbatan hurmatsizlik koʻrinishi emasdi. Yashirinishning iloji boʻlmadi (kuladi)”, – dedi Tite.
Serena Uilyams: “U menga nafaqaga chiqqanimni doimo eslatib turadi”
Foto: Twitter
Amerikalik tennisi Serena Uilyamsning aytishicha, qizi Olimpiya unga faoliyatini tugatganini tez-tez eslatib turadi.
“Qizim Olimpiya u bilan juda koʻp boʻsh vaqt oʻtkazishimga ishonch hosil qilmoqchi. U menga nafaqaga chiqqanimni doimo eslatib turadi.
Unga hozir ishlamasligimni aytsam, u menga tennis oʻynamasligimni aytdi. Bunga qanday munosabatda boʻlishni ham bilmayman. Bu kulgili, chunki yosh bolalar haqiqatan ham ota-onalari bilan koʻproq vaqt oʻtkazishni xohlashadi. Bu mening omadim” - dedi Serena.
JCH-2022. Oʻyindan oldingi ulkan kubok qayerga yoʻqolib qoldi?
Foto: Inews
Qatardagi futbol boʻyicha Jahon chempionati davom etmoqda.
Mundialning dastlabki oʻyinlarida har bir stadionda ochilish marosimi oʻtkazilayotgan va maydon markaziga ulkan kubok nusxasini olib chiqishayotgan edi.
Biroq Jahon chempionatining oxirgi bahslaridan oldin bu kubok stadionlarga olib chiqilmay qoʻydi. Faqat terma jamoalar bayroqlari bilan cheklanishmoqda. Xoʻsh, ulkan kubok qayerga yoʻqolib qoldi?
Gap shundaki, maydon sifatiga javobgar boʻlgan mutaxassislar oʻyindan oldingi tadbirlar vaqtida kubokni olib chiqish maysaga zarar yetkazmoqda deb hisobladi va bu tadbir bekor qilindi. Maydonga begona odamlarning chiqishi minimal darajaga tushirildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling