Foto: championat asia
“Lokomotiv” aʼzosi Kaxi Maxaradzening totalizator hamda kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etganligi holati yuzasidan OʻFA tomonidan tekshiruv oʻtkazilib, Etika qoʻmitasida koʻrib chiqildi. Bu haqda "Championat Asia" xabar berdi.
“Aniqlanishicha, ”Lokomotiv“ PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze, futbolchi Yevgeniy Kochnev, Gruziya fuqarolari bilan oʻzaro til biriktirib, firibgarlik yoʻli bilan boylik orttirish maqsadida, xitoylik oʻzini Jay deb tanishtirgan shaxsning ishonchiga kirib, totalizator kontoralari orqali ”Lokomotiv“ futbol klubining uchrashuvlarini Kaxi Maxaradze va boshqa futbolchilar bilan kelishgan holda oʻzlari uchun qoniqarli natija bilan yakunlashga yolgʻon vaʼda berib, ishontirganlar.
Xususan, 27-may kungi ”Navbahor“ – ”Lokomotiv“ uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etilgan boʻlib, Maxaradze, ikki Gruziya fuqarosi va Ye.Kochnev mazkur oʻyin uchun Jay ismli shaxsdan taxminan 30 ming dollari olib, oʻzaro boʻlishib olganlar.
Bundan tashqari, ”Lokomotiv“ning AGMK va ”Soʻgʻdiyona“ futbol klublariga qarshi uchrashuvlariga yuqoridagi shaxslar tomonidan pul tikish masalasi muhokama qilingan boʻlsa-da, lekin bu amalga oshmagani aniqlangan (ushbu maʼlumot OFK va ”Sportradar“ tashkilotlari tomonidan ham tasdiqlangan).
Shundan soʻng, ”Lokomotiv“ning mehmonda Nasafga qarshi uchrashuvda magʻlub boʻlishini taxmin qilib, Maxaradze bu oʻyinni yutqazib berishiga Jayni ishontirib, u tomonidan totalizatorda pul tikilishiga sababchi boʻlgan.
”Lokomotiv“ va ”Nasaf“ jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv 0:0 hisobi bilan yakunlanganidan soʻng Jay oʻzi tomonidan yutqazilgan 100 ming dollarini Maxaradze, ikki gruzin va Ye.Kochnevdan talab qilgan. Rad javobi olgach, oʻch olish maqsadida ular haqidagi maʼlumotlarni OʻFA va OAVlarning elektron pochtalariga yuborgan.
OʻFA tomonidan tekshiruv boshlangach, Jay noqonuniy faoliyati natijasida oʻz mamlakatining tegishli tashkilotlari tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkinligini anglab, yuqorida yuborgan maʼlumotlar notoʻgʻriligi, suratlarni oʻzi yasaganligi haqida xabar yuborgan.
Yuqoridagilarni oʻrganib chiqish natijasida, OʻFA Etika qoʻmitasi yigʻilishining qaroriga koʻra, Kaxi Maxaradze Intizom kodeksining tegishli bandlari boʻyicha aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turlaridan 5 yil muddatga chetlatilib, yuz million soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, futbolchi Yevgeniy Kochnev ham Intizom kodeksining tegishli bandlari bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turlaridan 3 yil muddatga chetlatilib, oʻttiz million soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Tekshiruv davomida ”Lokomotiv“ PFKning boshqa futbolchilari va murabbiylari totalizator hamda kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etmaganligi aniqlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling