Nukus voqealari bo'yicha o'tkazilgan sud majlisining 1-kun tafsilotlari

Holat boʻyicha 20 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish chorasi qoʻllanilgan

Foto: Telegram<br>

Foto: Telegram

28-noyabr kuni soat 10:00 da Buxoro viloyati sudida 1−2-iyul kunlari Nukusda sodir boʻlgan tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlangan 22 kishiga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini koʻrib chiqilishi haqida xabar berilgan edi.

Foto: Telegram<br>

Foto: Telegram

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi raisligida birinchi instansiya sudida koʻrib chiqildi. Sud majlisi boshlanishida sudya ishtirokchilarga sud majlisini oʻtkazish tartibini tushuntirdi.

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga koʻra 22 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 28 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 104 (Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish), 159 (Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish ), 164 (Bosqinchilik), 167 ( Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 227 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish ), 243 (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244 (Ommaviy tartibsizliklar), 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish), 247 (Oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) va 277-moddalarida (Bezorilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

20 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga “uy qamogʻi” va 1 nafariga “jamoa kafilligi” tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilgan.

Maʻlum qilinishicha, ayblanuvchilar orasida Qoraqalpogʻiston Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi boʻlimi boshligʻi Polat Shamshetov ham bor. U Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismida(Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

Xabarga koʻra, sudlanuvchilar tomonidan keltirilgan iltimosnomalarning aksariyati sud tomonidan qanoatlantirildi.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Xususan, sud majlisida ayblanuvchi D.Tajimuratov bir nechta iltimos bilan murojaat qilib, himoyachisi bilan gaplashib olish uchun imkoniyat berishni soʻradi, bu iltimosnoma sud tarafidan qanoatlantirildi va sudlanuvchi va himoyachisi gaplashib olish uchun imkoniyat berildi.

U, shuningdek, sodir etilgan holatga guvoh boʻlgan fuqarolarni ham sud ishiga taklif qilinishini soʻradi. Uning bu iltimosi inobatga olindi va asosiy guvohlar soʻroq qilingach, qoʻshimcha guvohlar soʻroq qilinishi belgilandi.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Shuningdek, Tajimuratov “qalbining tozaligini isbotlash uchun” Qurʼoni Karimni keltirishni soʻradi. Sud bu soʻrovni rad etdi, chunki bu kabi yuridik mexanizm qonunchilikda mavjud emas.

Ayblov xulosasiga koʻra Nukus shahridagi tartibsizliklar natijasida 6 mlrd 681 mln 247 ming 508 soʻm moddiy zarar yetkazilgan.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Bugungi sud majlisida davlat ayblovchisi tomonidan oʻqib eshittirilgan ayblov xulosasining qisqacha mazmuniga koʻra:

  • D. Tajimuratov uyushgan guruh tashkil kilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasining amaldagi hukumatini agʻdarib, oʻzini Joʻqorgʻi Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida joriy yilning 1-2-iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan;
  • L. Kallixanova ushbu uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan;
  • A. Turdanov 1-2-iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarni ishtirok etishini taʼminlagan va D. Tajimuratovni yelkasiga oʻtkazib, Joʻqorgʻi Kengesni egallash maqsadida olib borgan;
  • A. Smetullayev va D. Jiyemuratov 1-2-iyul kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va oʻzi ham faol ishtirok etib, D. Tajimuratovni qoʻllab-quvvatlaganlar;
  • B. Kadirbergenov odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Joʻqorgʻi Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga daʼvat qilgan;
  • B. Seytniyazov Qozogʻiston Respublikasidagi “Allayar joli” diaspora aʼzosi boʻlib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va D. Tajimuratovni qoʻllab-quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam bergan;
  • A. Toqimbetov 2-iyul kuni Xoʻjayli tumanida yigʻilgan odamlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi mustaqil boʻlishi lozimligini maʼlum qilib, ularni ommaviy tartibsizlikka daʼvat qilib, ularga yetakchilik qilgan;
  • Q. Seytimov 2-iyul kuni Qoraoʻzak tumanida odamlarni toʻplab, ularni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularga yetakchilik qilgan;
  • A. Nuratdinov 2-iyul kuni Qonlikoʻl tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;
  • S. Medetov 2-iyul kuni Shumanay tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;
  • N. Nayipov 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarga daʼvat qiluvchi videomurojaat tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan;
  • P. Shamshetov 2-iyul kuni odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va oʻzi ham ularda faol ishtirok etgan;
  • R. Bekmuratov 2-iyul kuni “Naupir” MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazib, “PM” markali pistoletini olib qoʻygan;
  • S. Kaipov 2-iyul kuni “Naupir” MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazgan. Bundan tashqari, separatizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan videomurojaat tayyorlab, uni tarqatish maqsadida saqlab kelgan;
  • B. Genjebayev 2-iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklarda Fargʻona viloyatidan kelgan oʻzbek millatiga mansub 3 nafar shaxsni toʻxtatib, ularga tan-jarohati yetkazib, 3,6 mln. soʻm miqdoridagi pullarini va qatʼiy hisobdagi hujjatlarini bosqinchilik yoʻli bilan olib kuygan;
  • S. Kalilayev 2-iyul kuni Kegeyli tumanida ommaviy tartibsizliklarga yetakchilik qilib, millatchilik zamirida Andijon viloyati hokimligi SHTABiga oʻt qoʻyib, mulklarini nobud qilgan;
  • P. Nurniyazov 2-iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatini cheklash maqsadida yoʻllarni toʻsib, avtoshina yoqishda yetakchilik qilgan;
  • S. Kalimov 1-iyul kunidagi ommaviy tartibsizliklar uchun maʼmuriy qamoqqa olinganlarni ozod qilish maqsadida ularni saqlash joyiga hujum qilib, oʻt qoʻygan;
  • N. Sultamuratov 2-iyul kuni Nukus shahar IIO FMBga qilingan hujumda faol ishtirok etib, daraxt yoqib, yoʻllarni toʻsgan;
  • A. Temirxanov 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Xoʻjayli guzari koʻchasida “Molotov kokteyli”dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan;
  • A. Adilbekov 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Toʻrtkoʻl guzari koʻprigida “Molotov kokteyli”dan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan.

Maʻlumotlarga koʻra, Dauletmurat Tajimuratov Nukus voqealari ishi boʻyicha unga qoʻyilgan ayblovni qisman tan olgan. Lolagul Qallixanova va Azamat Turdanov — toʻliq. Boshqa gumondorlar ham oʻzining aybiga qisman yoki toʻliq iqror boʻlishgan.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Avvalroq, Qoraqalpogʻistonda boʻlib oʻtgan voqealarni mustaqil ravishda oʻrgangan Komissiya aʼzolari taklifi va Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi iltimosnomasiga koʻra Bosh prokuratura tomonidan 107 nafar ayblanuvchi jamoat kafilligi va qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishi orqali oʻz oilasi bagʻriga qaytarilgan.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Bosh prokuratura tomonidan 2022-yilning 30-avgust kuni 34 nafar, 13-14-oktyabr kunlari 38 nafar hamda 1-noyabr kuni 35 nafar ayblanuvchi oʻz oilasiga qaytarilgan.

Maʻlumot uchun, sud jarayoni ochiq tarzda oʻtkazilib, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun sud majlislarini videokonferensaloqa vositasida toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatishga moʻljallangan hamda barcha texnik sharoitlar yaratilgan matbuot zali tashkil etilgan.

Foto: Telegram

Foto: Telegram

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling