Foto: Open source
Repost.uz nashri O'zbekiston va dunyo bo'yicha eng qiziq sport xabarlarini qisqa va tushunarli ko'rinishda bir joyga jamladi.
Argentina bugun gʻolib boʻlsa, terma futbolchilari tatuirovka chizdirishadi
Foto: Goal.com
18-dekabr kuni JCH-2022 finalidan oʻrin olgan Argentina – Fransiya bahsi boʻlib oʻtadi.
Argentinaliklar himoyachisi Lisandro Martines terma jamoa mundial gʻolibi boʻlsa, futbolchilar esdalik sifatida tatuirovka chizdirishga kelishib olishgani haqida aytdi.
“Kechki ovqat vaqtida agar hammasi yaxshi boʻlsa, ushbu tarixiy natijaga atab tatuirovka chizdirishni xohlaymiz deb kelishib oldik. Vaʼda berdik. Tatuirovka qanday boʻlishini hali hal qilmadik, bu borada bahslar davom etdi. Kimdir JCH kubogini, kimdir sana yoki arab tilida yozilgan biror soʻzni xohladi, turli gʻoyalar bor edi”, deydi Martines.
Hakimi FIFA prezidenti Infantinoga baqirdi
Foto: Goal.com
Ashraf Hakimining FIFA rahbari Janni Infantinoga nimalar degani oydinlashdi.
Jurnalistlardan biri Hakimining hakamlar borasida e'tiroz bildirganini ma'lum qilgan.
“Ketma-ket ikkinchi oʻyin biz bilan shunday qilyapsiz, sizga nima boʻlgan?”.
FIFA vakillar jurnalist olgan videoni oʻchirib tashlashga urinishdi. Biroq bu voqeani koʻrgan jurnalistlar hammasini yashirib tura olishmadi. Infantino tunneldan chiqqanidan soʻng muxlislar tomonidan xushtakbozlikka uchradi.
Argentinaliklarning orzusi ushalmaydimi? Reper Dreyk JCH-2022 finalida Argentinaga pul tikdi
Foto: Talksport
Dunyoning mashhur reperlaridan biri Dreyk futbol olamida oʻziga xos “laʼnat” bilan mashhur.
U muxlislik qilgan yoki pul tikkan jamoalar doimo magʻlub boʻladi.
Bu safar u JCH-2022 finali uchun pul tikishga qaror qildi.
“Men Argentinani tanlayman, u (doʻstini koʻrsatib) Fransiyani oladi” - soʻzlari eshitilgan Dreykning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi.
Xoʻsh, Dreykning “laʼnati” davom etadimi?
Saidyoqub Qahramonov: “U oʻlgudek charchagan edi”
Foto: UFC.com
Saidyoqub Qahramonov mag'lubiyatga uchragan jangidan keyingi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
AQSHning Las-Vegas shahrida 2022-yil hisobidan soʻnggi UFC musobaqasi boʻlib oʻtdi va unda eng yengil vazndagi Saidyoqub Qahramonov (10-3) ham navbatdagi jangini oʻtkazdi.
Qahramonov rossiyalik Said Nurmagomedov (17-2)ga qarshi oktagonga koʻtarilib, yaqqol ustunlikka qaramasdan, ikkinchi raundda sabmishen orqali muddatidan avval magʻlub boʻldi. U jang haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi:
“Mening xatoim shuki, bir necha bor oson himoyalangan boʻlsam-da, uning zarbalarini eʼtiborga olmadim. U oʻlgudek charchagan edi, hattoki jangdan soʻng yura olmadi ham, gapira olmadi ham. Reja oʻsha-oʻsha: dushanba kuni sport zaliga qaytish. Keyingi yigit oʻladi”, - deb yozgan Saidyoqub oʻz Tvitter sahifasida.
Hasanboy Doʻsmatov ukasining Oʻzbekiston chempionatidan chetlatilishi haqida gapirdi
Foto: Telegram
51 kg vazn toifasida Hasanboy Doʻsmatovning ukasi Faryozbek taqiqlangan zarba bergani uchun Oʻzbekiston chempionatining final bahsidan chetlatildi.
Hasanboy Doʻsmatov saytimizga bergan intervyusida ukasining chetlatilishi haqida fikr bildirdi:
“Mana shu Oʻzbekiston chempionatida ukam bilan bitta vaznda qatnashdim va ikkimiz ham finalga yetib keldik. Ukam yarim finalda boksda taqiqlangan zarbani bergan ekan. Buni oʻzim koʻrmagandim. Keyinroq bildim. Bu yerda ikki bokschida ham ayb bor. Ukamni raqibi birinchi orqadan zarba bergan, Faryozbek esa bunga javob qaytargan.
Nima deymiz, bu safar chempion boʻlolmagan boʻlsa, keyingi musobaqalarda gʻolib boʻladi. U endi 18 yosh. Eng asosiysi, chempionat davomida u raqiblarini yutdi. Shu tarafdan, keyingi musobaqalarda oʻzini koʻrsatadi deb oʻylayman", dedi Hasanboy Doʻsmatov.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling