Videodan kadr
Surxondaryo viloyati IIB Matbuot xizmatining xabariga koʻra, 19-dekabr kuni soat 07:30 larda M-41 avtomobil yoʻlining 1609-kilometrida Termiz—Denov yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan Nexia-3 bilan yana bir Nexia oʻzaro toʻqnashgan.
Hodisa oqibatida Nexia-1 haydovchisi va bir nafar yoʻlovchisi olgan tan jarohati oqibatida voqea joyida vafot etgan. Qolgan uch nafar yoʻlovchi va Nexia-3ʻning haydovchisi ogʻir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, chorrahada vaqtinchalik elektr energiyasi uzib qoʻyilgani sabab oʻrnatilgan svetofor ishlamagan. Yoʻl belgilari bilan tartibga solingan ushbu chorrahada Nexia-1 avtomobili asosiy yoʻldan harakatlanib kelayotgan Nexia-3ʻga yoʻl bermasdan, harakatlanib chiqib kelgan.

Foto: Telegram
Qayd etilishicha, svetofor noqonuniy elektr tarmogʻiga ulangani uchun tarmoqdan ajratib qoʻyilgan.
Holat yuzasidan JKning 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.