Foto: Prezident matbuot xizmati
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo Davlat rahbarlarining Kengaytirilgan tartibdagi majlisda ekologik muammolarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oʻz tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Iqlim kengashini tuzish taklif qilingan.
“Barchamiz uchun hayotiy oʻta muhim boʻlgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllari zarurdir”, — degan Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, aʼzo mamlakatlardagi vaziyatni baholash va bugungi voqelikni hisobga olgan holda majmuaviy qarorlar qabul qilish uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yigʻilishlari amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhimligi aytilgan.
Shu bilan birga, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish SHHTning eng ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlib qolishi kerakligi taʼkidlangan.
“Shuni taʼkidlashni istardimki, afgʻon xalqi yaxshi qoʻshnichilik yordamimizga har qachongidan ham koʻproq muhtojdir. Biz oʻtmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afgʻonistonni uning muammolari bilan yolgʻiz qoldirmasligimiz lozim.
Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afgʻonistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun plasdarmga aylantiradi.
«Shu bois biz Afgʻoniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi boʻyicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz”, — degan Shavkat Mirziyoyev.
Fond mablagʻlari ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun taʼlim dasturlari va sogʻliqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltirilishi takidlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling