Turkiyadan O‘zbekistonga birinchi marta yo‘nalishi tashkil etilgan ilk yuk poyezdi Toshkentga yetib keldi. Tantanali marosimida " O'zbekiston temir yo'llari "AJ boshqaruvi raisi X.Xasilov, Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar hamda Turkiya temir yo'llari vakillari ishtirok etdi.
2022-yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti prezidentlarining sammiti doirasida yangi transport tranzit koridorlarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Ushbu kelishuv natijasida Toshkentga Turkiyaning Izmir shahridagi “Gumruh” stansiyasidan 40 ta vagondan iborat birinchi yuk poyezdi yetib keldi.
Qayd etish joizki, ushbu poyezd “Turkiya – Eron – Turkmaniston – O‘zbekiston” yo‘nalishida dastlabki yuk poyezdi hisoblanadi. Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha yana 250 dan ortiq vagon kelishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tashkil qilingan yo'nalish katta rivojlanish salohiyatiga ega bo‘lib, O'zbekiston yuklarini xalqaro yo'nalishlarda tashish uchun qo'shimcha yo‘nalish hisoblanadi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun O‘zbekistondan Turkiyaga eksport yuklarini jo‘natishda hamda import yuklarini olib kelishda eng tez va qulay yo‘nalishlardan biridir.
Ushbu amalga oshirilayotgan ishlar mintaqadagi mavjud transport-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilmasidan samarali foydalanishga, shuningdek, tashqi savdo yuklarini asosiy jahon va mintaqaviy bozorlarga tashish uchun vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling