O'zbekistonning to'rtta hududida pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo'yildi

Katta miqdordagi pirotexnika vositalari musodara qilingan

Foto: IIBB matbuot xizmati

Foto: IIBB matbuot xizmati

Oʻzbekiston hududlari boʻylab pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan bogʻliq holatlar aniqlanmoqda. Masʼul xodimlar tomonidan bunday mahsulotlarning noqonuniy savdosiga qarshi oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda bir qator hududlardan katta miqdordagi pirotexnika vositalari musodara qilindi.

Maʼlum qilinishicha, Qibray tumani IIB JQB xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirida ov anjomlari sotishga moʻljallangan savdo doʻkonida saqlanayotgan noqonuniy pirotexnika vositalari aniqlangan.

Qayd etilishicha, tuman Alisher Navoiy koʻchasida joylashgan (ov anjomlari sotishga moʻljallangan) savdo doʻkonida sotuvchi boʻlib ishlovchi 31 yoshli fuqaro pirotexnika mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelayotgani maʼlum boʻlgan. Shuningdek, doʻkon omborida sotish maqsadida 31 turdagi 1 586 dona (qora bozordagi) taxminiy narxi 100 mln soʻmdan koʻp boʻlgan pirotexnika vositasi saqlayotganligi aniqlangan.

Foto: IIBB matbuot xizmati

Foto: IIBB matbuot xizmati

Aniqlangan daliliy ashyolar qonuniy qaror qabul qilingunga qadar xolislar ishtirokida tuman DSI xodimlariga topshirilgan.

Hozirda holat yuzasidan ekspertiza tayinlanib, Jinoyat kodeksining 250−1-moddasi (Portlash xavfi boʻlgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish choralari koʻrilmoqda.

Xabarga koʻra, 2-dekabr kuni Buxoro viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi xodimlari tomonidan Buxoro temir yoʻl vokzali hududida “Pirotexnika” tezkor profilaktik tadbirlari davomida oʻtkazilgan. Tadbir davomida Kogon shahar Baxt koʻchasida yashovchi 14 yoshli maktab oʻquvchisining yonida 5 blokda 50 qutida jami 2 750 dona Qirgʻizistonda ishlab chiqarilgan “Treniya” yozuvli pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Foto: Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati

Foto: Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati

Aniqlanishicha, bola ushbu pirotexnika vositalarini shu kuni Kogon shahar markaziy bozoridan oʻziga notanish boʻlgan erkak kishidan jami 700 000 soʻmga sotib olganini bildirgan.

Holat yuzasidan bolaning ota-onasiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 185−3-moddasi (Mamlakat hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada boʻlishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishi) bilan jarimaga tortilgan.

4-dekabr kuni IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Tezkor qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan shaxsini sir saqlashni soʻragan fuqaroning arizasiga asosan Toshkent shahar, Yashnobod tumanida joylashgan “Kadisheva” bozori yaqinida tezkor tadbir olib borilgan.

Foto: IIBB matbuot xizmati

Foto: IIBB matbuot xizmati

Olib borilgan tadbir davomida Toshkent shahar, Yashnobod tumanida yashovchi 36 yoshli fuqaro tezkor tadbir ishtirokchisiga 40 dona “Volk” nomli salyut, 8 dona “9D” nomli salyut, 43 dona “7SHOTS” nomli salyut hamda 144 dona “Zolotoy pesok” nomli salyut pirotexnika vositalarini jami 24 mln soʻm pullar evaziga kelishib sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, Jalaquduq tumani IIB JQB xodimlari tomonidan 4-dekabr kuni oʻtkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida Andijon shahrida yashovchi 20 yoshli fuqaro 100 dona qutidagi 6000 dona “Britanik” nomli hamda 6 dona “Solovey razboynik” nomli pirotexnika vositalarini Jalaquduq tumani hududida sotish maqsadida olib yurgan vaqtida ushlangan.

Ushbu pirotexnika vositalari xolislar ishtirokida IIB ixtiyoriga olingan va holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Foto: Andijon viloyati IIB matbuot xizmati

Gʻallaorol tumani Baxt mahallasida yashovchi 18 yoshli fuqaro 1 million 190 ming soʻmga pirotexnika vositasini sotayotganda IIO xodimlari tomonidan ushlandi. 3-dekabr oʻtkazilgan tezkor tadbirda sotuvchidan jami 5 ming 400 dona pirotexnika vositasi hujjatlashtirib olingan. Soʻnggi ikki kun davomida viloyatda pirotexnika vositasini sotish bilan bogʻliq shunday 5 ta huquqbuzarlikka chek qoʻyilgan.

Maʼlum qilinishicha, 3−4-dekabr kunlari jami 20 ta holat qayd etildi. Hududlar kesimida tahlil etilganda ularning 6 tasi Sharof Rashidov, 3 tadan Gʻallaorol va Zomin tumanlari hududida aniqlangan.

Pirotexnika vositalarini saqlayotganlarning aksariyati maktab oʻquvchilari ekani maʼlum qilingan. Chunonchi, soha xodimlari Sharof Rashidov tumanidagi 15-sonli oʻrta umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisini Nurafshon mahallasi hududida toʻxtatib tekshirishganida u 480 dona pirotexnika vositasini yonida saqlayotgani maʼlum boʻlgan. Xuddi shunday, Gʻallaorol tumanidagi 88-oʻrta umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi esa pirotexnika vositasining 600 tasini yonida olib yurgan. Shanba va yakshanba kungi tadbirlarda shu kabi 12 ta holat kuzatilgan.

Foto: Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati

Foto: Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati

Tadbirlar davomida pirotexnika vositalarini sotish va saqlash bilan bogʻliq holatlarda jami 6 nomdagi 34 ming 500 ga yaqin pirotexnika vositalari, 40 ta salyutlar hujjatlashtirib olingan.

Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan Toshkent shahriga olib ketilayotgan qiymati 72 mln soʻmlik, 200 ming dona pirotexnika vositalari ushlab qolingan.

Foto: IIBB matbuot xizmati

Foto: IIBB matbuot xizmati

Xabarga koʻra, Toshkent viloyatida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha IIBB sohaviy xizmat xodimlari tomonidan mavsumiy nazorat-reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

Xususan, navbatdagi tezkor tadbir davomida, 43 yoshli boshqaruvida “Vodiy-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan Isuzu yuk avtomashinasi Ohangaron tumanida joylashgan Chinor YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan.

Foto: IIBB matbuot xizmati

Foto: IIBB matbuot xizmati

Natijada transport vositasining yukxonasida (xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan) taxminiy qiymati 72 mln soʻmlik turli nomdagi jami 196 ming 555 dona pirotexnika vositasi borligi aniqlangan va daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olindi.

Hozirda holat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish choralari koʻrilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling