Uy-joyga muhtoj talabalarning yarmidan kamrog'i yotoqxona bilan ta'minlangan. Bu haqda 9-sentyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarni joy bilan taʼminlash muammosiga bagʻishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Maʼlum qilinishicha, ayni paytda O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari yotoqxonalarida 91 ming talaba uchun joy ajratilgan, 211 ming nafari esa uy-joyga muhtoj.
“2017-2022-yillar oxirigacha 56 ming o‘rinli talabalar turar joyi qurilgan. Bu 2010-2016 yillarga nisbatan 28 barobar ko‘pdir. 2016-yilda O‘zbekistonda 77 ta oliy o‘quv yurti bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 172 taga yetdi. U yerda tahsil olayotgan talabalar soni esa 200 mingdan 800 ming kishiga yetgan.
Talabalar turar joyi taqchilligi muammosi oliy o'quv yurtlari talabalar sonini ko'paytirishdan oldin ham mavjud edi. Dunyo oliy taʼlim tizimini oʻrganar ekanman, bir narsaga amin boʻldim – talabalarni 100 foiz yotoqxona bilan taʼminlaydigan davlat yoʻq”, - deydi vazir.
Qayd etilishicha, 1991-2010-yillarda o‘rinlar soni kamaygan. 2010-2016-yillarda 2000 o‘rinli talabalar turar joyi qurilgan. Hozirgi kunda bitta talabaning yashash narxi 40-50 million so‘m atrofida bo'lsa, 400 o‘rinli talabalar turar joyi esa 20 milliard so‘m atrofida boʻladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling