Oʻzbekistonda jamoat transportida imtiyozli yurish kartasini berish boʻyicha reglament tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hukumat qarori (16.09.2022 y. 507-son) bilan Shahar yoʻlovchilar transportida (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlangan.
Reglamentga muvofiq, quyidagi shaxslarga imtiyozli transport kartasi beriladi:
1941–1945-yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy xizmatchilar;
1941–1945-yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
1941–1945-yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
Chernobil Atom elektrostansiyasi halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxslar.
Shuningdek, davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim undirilmaydi, imtiyozli karta cheklanmagan muddatga berilishi, vakolatli organ arizani 2 ish kunida oʻrganib imtiyozli karta berish yoki uning berilishini rad etish haqida murojaat qiluvchiga maʼlumot yuborishi maʼlum qilingan.
Imtiyozli transport kartalarini olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinishi maʼlum qilingan.
Qarorga muvofiq, imtiyozli transport kartalarini berish bosqichma-bosqich:
Toshkent va Samarqand shaharlarida – 2023 yil 1-yanvardan;
Respublikaning barcha shaharlarida – 2023 yil 1-maydan amalga oshiriladi.
Eski namunadagi guvohnomalar 2023-yil 1-sentabrgacha oʻz kuchini saqlab qolishi taʼkidlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling