Foto: Daryo
Toshkentda oʻqiyotgan andijonlik talabalarga yangi yil bayramini oʻtkazish maqsadida uyiga olib kelish maqsadida 25 ta avtotransport vositalari ajratiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Yangi yil bayrami oldidan Toshkent – Andijon poyezdiga chipta topish ancha qiyin boʻladi, avtomashinada qaytish uchun esa bayram arafasida yoʻlkira birmuncha qimmat boʻlib ketadi. Bu ayniqsa, talabalarni qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Ana shundan kelib chiqib, talablarga qulaylik yaratish, ularga koʻmaklashish maqsadida ushbu xayrli ishga qoʻl urdik”, - deydi Andijon Transport boshqarmasi boshligʻi Oʻtkirbek Mashrapov.
Shuningdek, imkon qadar koʻproq talabalarni olib kelish uchun yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi avtomobil egalarini ushbu xayrli ishga qoʻshish taklifi bildirilgan.
Maʼlum qilinishicha, avtomashinalar 27-dekabr seshanba kuni poytaxtdagi “Oʻzbekiston” mehmonxonasi oldidan soat 12:00 da Andijonga joʻnaydi. Toshkent shahrida tahsil olayotgan andijonlik talabalar ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling