Foto: Prezident matbuot kotibi
Toshkentda 9-noyabr kuni Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar bermoqda.
"Bizning o'z yo'limiz, o'z intilishlarimiz va rejalarimiz bor. Bugun boshlayotgan tarixiy ishimiz yuksak samaralar berishiga ishonamiz. Bu ishonch bizga kuch beradi”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari 2025-yilda Toshkentda oʻtkaziladi. Unda qitʼadagi 45 mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi boʻyicha bellashadi.
Bunday nufuzli xalqaro musobaqa Oʻzbekiston tarixida birinchi marta tashkil etiladi. Uni yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida zamonaviy Olimpiya shaharchasini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Davlat rahbari bu loyiha bilan bir necha bor tanishib, koʻrsatmalar bergan edi. Bu tavsiyalar bosh loyihachi — Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan takomilga yetkazildi.
“Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va oʻzbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishiga ishonaman. Bu maskan meʼmoriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilgʻor innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua boʻladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyod. Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming oʻrinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi.
“Agar shonli tariximizga nazar solsak, ota-bobolarimiz kelgusi avlodlar uchun ulugʻvor imoratlar barpo etganiga guvoh boʻlamiz. Biz ham ajdodlarimizning mana shunday ezgu anʼanalarini munosib davom ettirib, mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqdamiz. Albatta, bunday yirik loyihalar koʻpchilikning birgalikdagi saʼy-harakati, mehnatkash xalqimizning faol ishtiroki bilan yuzaga chiqadi”, – deya taʼkidladi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qoʻydi.
“Mamlakatimizda hamma sohalarda loyihalar, imoratlar koʻpayyapti. Bularning zamirida buyuk xalqimizning buyuk mehnati yotibdi, buyuk xalqimizning niyati, ertangi kunga ishonchi yotibdi. Xudo xohlasa, bunday loyihalar yana koʻp boʻladi”, — dedi davlat rahbari.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling