Shvetsiya bosh vaziri saylov yakunlanmasdan mag'lubiyatini tan oldi va iste'foga chiqishini aytdi

Fuqarolar parlamentga 349 nafar a’zoni saylagan, ular esa bosh vazirni tanlashi kerak bo'ladi

Foto: Drew Angerer / Getty Images

Foto: Drew Angerer / Getty Images

Shvetsiyaning amaldagi bosh vaziri Magdalena Andersson saylovlardagi mag‘lubiyatini tan oldi va iste’foga chiqayotganini ma’lum qildi. Bu haqda "Reuters" xabar berdi.

Bosh vazir yangi hukumatni tezroq shakllantirish zarurligini ta’kidlagan. Parlament saylovlaridagi ovozlar hali to‘liq hisoblab chiqilmagan bo‘lsa-da, Anderssonning so‘zlariga ko‘ra, natijalar allaqachon muxolifatdagi o‘ng qanot blokining g‘alabasidan dalolat bermoqda. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra o‘ng qanot rahbariyati biroz oldinda va parlamentda 175 o‘rinni, so‘l markazchilar bloki esa 174 o‘rinni egallashi mumkin.

Agar o‘ng qanot blok g‘alaba qozonsa, Mo‘tadil koalitsiya partiyasi rahbari Ulf Kristersson yangi bosh vazir bo‘lishi kutilmoqda. Hukumat rahbari lavozimiga yana bir nomzod — “Shvetsiya demokratlari” partiyasi rahbari Jimmi Akesson. 12-sentabrda u o‘ng qanot partiyalari hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralar boshlaganini ma’lum qilgandi.

Mamlakatda umumiy saylovlar 11-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar parlamentga 349 nafar a’zoni saylagan, ular esa bosh vazirni tanlashi kerak.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling