Sog'liqni saqlash vazirligi o'zbekistonliklarning qanchasi OIV bilan kasallanganini ma'lum qildi

Davolanayotganlarning 74 foizida virus yuklamasi bir necha marta kamaygan

Foto: Sputnik<br>

Foto: Sputnik

Oʻzbekiston aholisining qancha qismi OIV bilan kasallangani maʼlum qilindi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2022-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, respublikada roʻyxatga olingan OIV bilan kasallanganlar soni 45 ming nafarni tashkil etmoqda. Maʼlum qilinishicha, OIVni yuqtirib olgan shaxslarning aksariyat qismi maxsus antiretrovirus davolash bilan qamrab olingan.

Xabarda qayd etilishicha, shunday muolajalarni olayotgan shaxslarning 74 foizida virus yuklamasi bir necha marta kamaygan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati maʼlumotlariga koʻra, har yili respublikamizda 4-4,5 mln aholi OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olinmoqda — 0,1 foiz holatlarda kasallik aniqlanmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, bundan 10 yillar avval respublikada 700 000 nafar aholi OIV infeksiyaga tekshirilgan va kasallik aniqlanish koʻrsatkichi 0,42-0,45 foizni tashkil etgan. Kasallikning onadan bolaga yuqish koʻrsatkichi esa 4,8 foizdan 0,6 foizgacha kamayishiga erishildi.

Xabarga koʻra, nikohlanuvchilar va homiladorlarni OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olish amaldagi meʼyoriy hujjatlarga asosan olib borilmoqda. 99 foiz holatlarda OIV infeksiyasini barvaqt aniqlash maqsadida OIVga tekshiruvlar oʻtkazilmoqda.

Inyeksiya orqali giyohvand moddalarni qabul qiluvchilar ichida OIVning tarqalishi 5,1 foizdan 2,9 foizgacha kamaygan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling