Yo'l qurilishida 1 mlrd so'm budjet mablag'i talon-taroj qilingani aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

Foto: Zamin.uz<br>

Foto: Zamin.uz

“Sirdaryo yoʻllardan muntazam foydalanish” unitar korxonasining sobiq mansabdor shaxslari 1 mlrd 6 mln soʻmni talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Sirdaryo yoʻllardan muntazam foydalanish” unitar korxonasining sobiq mansabdor shaxslari 2018-2021-yillarda avtomobil yoʻllarini taʼmirlash uchun ajratilgan budjet mablagʻlari, ishchi xodimlarning ish haqlari va ragʻbatlantirish pullari – jami 1 mlrd 6 mln soʻmni talon-toroj qilingani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov natijalariga koʻra, unitar korxonaning sobiq rahbari, sobiq bosh hisobchisi, sobiq hisobchisi, sobiq boʻlim boshligʻi va yana 10 nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, sud idoralariga yuborilgan.

Shuningdek, Jinoyat ishlari boʻyicha Sayhunobod tuman sudining hukmiga koʻra, aybdorlarga ozodlikdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa jazo turlari tayinlangan.

Shu bilan birga, Talon-toroj qilingan budjet mablagʻlarining 767 mln soʻm qismi undirilib, qolgan 239 mln soʻm pul mablagʻi majburiy tartibda undirish uchun MIBga yuborilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling