Foto: Repost.uz
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida ikki yillik ish haqini ololmay kelgan fuqaroning pullari undirib berildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakiliga Mirzaobod tumanida yashovchi fuqaro tomonidan murojaat kelib tushgan.
Murojaat yuzasidan olib borilgan oʻrganishlar davomida mazkur fuqaro “Mirzaobod chiroyi” dehqon bozori MCHJda ishlagani va 2021-2022-yillarda ishlagan davri uchun ish haqini olmagani maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotganda 2014-2022-yillardagi mehnat faoliyati boʻyicha yakuniy hisob-kitob qilinmagani aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, fuqaroning murojaati qonun talablari asosida oʻrganilib, tegishli hujjatlar toʻplangan va Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan murojaatchi manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritilgan.
Xabarga koʻra, Fuqarolik ishlari boʻyicha Guliston tumanlararo sudi tomonidan murojaatchiga 33 million soʻmdan ortiq qarzdorlik undirib berilishi belgilangan. Shundan soʻng, mazkur fuqaro ombudsmanga unga toʻlanishi kerak boʻlgan qarzdorlik summasi toʻliq undirib berilgani haqida maʼlum qilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling