Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda yoʻl-patrul xizmati xodimi va haydovchi oʻrtasidagi mojaro aks etgan video tarqalib, koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma'lum bo'lishicha, 7-oktyabr kuni taxminan soat 07.30 dan Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori B.Nazirxujayev Shayxontohur tumanidagi Bunyodkor va Islom Karimov koʻchalari chorrahasida tirbandlikni bartaraf etish maqsadida harakatni tartibga solib turgan. Biroq soat 08.30 larda “Lasetti” rusumli transport vositasi 38 yoshli haydovchisi uyali telefondan foydalanib, YPX inspektorining ishorasiga boʻysunmasdan chorrahaga kirib kelgan.
YPX inspektori haydovchiga sodir etgan qoidabuzarligini tushuntirayotgan vaqtida haydovchi YPX inspektorini onasini haqorat qilgan, natijada oʻzaro tortishuv yuzaga kelgan. Haydovchining harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda.
YPX inspektorining xatti-harakatlari yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling