Toshkent viloyatida xorijdan olib kelingan 30 tadan ortiq iPhone'lar musodara qilindi

Qoʻlga olinganlar telefonlarni mashinaning oʻrindigʻi ostiga yashirib, olib ketayotgan boʻlgan

Foto: Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati

Foto: Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida uyali telefonlarni noqonuniy olib kirishga urinishning oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari Fargʻonadan Toshkentga harakatlanayotgan “Mercedes-Benz Sprinter” rusumli avtomashinani toʻxtatib koʻzdan kechirgan.

Tekshiruv davomida avtomobilning old oʻrindigʻi ostiga yashirilgan, tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, qiymati salkam 568 mln 968 ming soʻmlik uyali aloqa vositalari borligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, telefonlarning jami 37 dona boʻlgan. Shundan 36 dona iPhone 14 plus va 13 Pro hamda 1 dona Samsung S22 Ultra rusumli uyali aloqa vositalari borligi aniqlanib ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling