Toshkentning bosh archasini o'rnatishga 1,5 mlrd so'm sarflangani aytilmoqda

Ushbu MCHJ 2022-yil davomida Toshkent shahar hokimligining qator tadbirlarini tashkillashtirish uchun kamida 9 mlrd soʻmlik buyurtmani tendersiz olgan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi Yunusobod tumani, Istiqlol koʻchasidagi maydonga yangi yil bosh archasini oʻrnatish tadbirlari uchun “Media Globe” MCHJ bilan 1 mlrd 535 mln 358  ming 188 soʻmlik shartnoma tuzdi.

Shartnoma tender oʻtkazilmasdan, toʻgʻridan toʻgʻri tuzilgan.

Avvalroq poytaxt hokimligi oʻtkazgan 6 ta festival 18,2 mlrd soʻmga tushgani, ularda ham shartnomalar tendersiz tuzilgani aytilgan edi. Bir necha oy oldin tugab boʻlgan tadbirlarni oʻtkazish uchun formal ravishda tender oʻtkazilgan holatlar ham bor. “Media Globe” MCHJ oʻsha festivallar ortidan ham qator davlat buyurtmalarini qoʻlga kiritgan:

  • “Tashkent Opera Fest” uchun — 6-mayda 900 mln soʻm, 9-iyunda 931 mln soʻm va 868 mln soʻmlik toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar;
  • “Tashkent Flower Fest” uchun — 31-may kuni 700 mln soʻm, 3-iyun kuni 840 mln soʻmlik toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar.

Bu ikkita festival doirasida "Media Globe" bilan umumiy 4,2 mlrd soʻmlik shartnoma tuzilgan.

Bundan tashqari, 2022-yil 30-iyunda Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida tematik pavilyonlar dekoratsiyasi uchun Toshkent shahar hokimligi “Media Globe” MCHJ bilan tendersiz 3,5 mlrd soʻmlik shartnomalar (№21, №22, №24, №31) tuzgan.

Yangi yil bosh archasini oʻrnatish va tadbirlarni tashkil etish bilan bogʻliq hokim qarorini esa e-qaror tizimidagi ochiq turgan qarorlardan topishning imkoni boʻlmagan. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling