Foto: Videodan lavha
Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan MIB xodimlari qarzdor fuqaro tomonidan kaltaklandi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 9-dekabr kuni taxminan soat 11:00 lar atrofida Byuroning Koʻkdala tuman boʻlimining ikki nafar davlat ijrochilari Jinoyat ishlari boʻyicha Chiroqchi tuman sudining 2022-yil 22-apreldagi qaroriga koʻra, javobgar aka-ukalarning hisobidan daʼvogar fuqaroning foydasiga javobgarlarning har biridan 4 mln 805 ming 400 soʻmdan jami 9 mln 610 ming soʻm moddiy va maʼnaviy zarar undirish uchun borgan.
Qarzdor fuqaro MIB xodimlari oldiga boshqaruvida boʻlgan Nexia avtomobilida kelgan paytda MIB xodimlari qarzdorlik evaziga avtomobilni xatlamoqchi boʻlgan. Bunga javoban qarzdor shaxs va uning yaqin qarindoshlari ijro harakatlarini amalga oshirayotgan davlat ijrochilariga qoʻpol munosabatda boʻlib, baland ovozda ularni haqorat qilgan.
Shuningdek, ularni urib, tepib ijro harakatlarini yakunlashga qarshilik koʻrsatgan. Bu ham yetmagandek, qarzdor fuqaro avtomashinani boshqarib, hodisa joyidan ketib qolgan.
Mazkur hodisa yuzasidan Koʻkdala tumani prokurori tomonidan mazkur fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling