Toshkentda terrorizmda ayblanayotgan 18 yoshli talaba qiz besh yilga qamaldi

Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'ldi

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Ijtimoiy tarmoqda 18 yoshli qiz 4 yilga qamalgani, prokuror ham suddan yengillik berishini so‘raganida sudiya unga yengillik bermagani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlmoqda. Toshkent shahar sudi mazkur holatga izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, 18 yoshli fuqaro Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi "g" bandi va 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bilan aybli, deb topilgan.

Qayd etilishicha, ayblanuvchiga uzil-kesil oʻtash uchun 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida 18 yoshli fuqaro 2022-yil 9-apreldan 13-iyunga qadar qamoqda saqlangan har bir kunini ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirib hisoblab, qamoqda saqlangan 2 oy 4 kunni jazo muddatidan chegirib, sud qarori bilan 4 yil 11 oy 26 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Aniqlanishicha, ayblanuvchi terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketish maqsadida yaqinlaridan xufiyona tarzda jomadon xarid qilgan. Unga kiyim-kechaklarini joylashtirib, 2022-yil 15-martda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga erishgan. Ularni o‘z tanishining uyida yashirin ravishda saqlab kelgan.

Shuningdek, 2022-yil 26-mart kuni soat 11:00 da "O‘zbekiston-Turkiya-Suriya" yo‘nalishi orqali Suriyaga borib, terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish maqsadida harakat qilayotganida fosh etilgan va prosessual tartibda qoʻlga olingan.

Maʼlumotlarga koʻra, sud 18 yoshli ochiqda qoldirish orqali qayta tarbiyalash imkoni mavjud emasligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling