Foto: Prezident matbuot kotibi
Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdi hamda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va 2023-yildagi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.
Prezident sohada erishilishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalar haqida nima dedi?
Yig'ilishda prezident soha vakillariga hamda hokimliklarga sohada erishilishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, shifoxonalarda tugʻruq oʻrinlarini koʻpaytirish, respublika boʻyicha 46 ta tumanlararo perinatal markazni tashkil etish ishlarini tezlashtirish aytildi.
Bundan tashqari, tez tibbiy yordamda chaqiruvga yetib borish vaqti 3 barobarga, xarajatlar 25 foizga qisqarish, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda yana 171 ta boʻsh oʻrinni toʻldirish vazifasi qoʻyildi.
"Bu sohada masalaning katta-kichigi yoʻq. Hammasi birdek muhim. Barcha hokimlar, bu yerda oʻtirgan rahbarlar eshitib olsin: bir bemor odamni dardiga darmon boʻlib, uning sogʻligʻini tiklasak, hayotga qaytarsak, bilingki, bu bilan butun oilaning baxtini, kelajagini taʼminlagan boʻlamiz”, — dedi prezident.
Yigʻilishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha hokimlar, sohaga masʼullar va ixtisoslashgan markazlar rahbarlarining hisoboti eshitildi.
Foto: Prezident matbuot kotibi
Sogʻliqni saqlash vazirligi va viloyatlar hokimlariga topshiriqlar berdi?
Jumladan:
- ikki oy muddatda 300 ta mahallada tibbiyot punktlarini tashkil qilish, 2023-yil 1-martga qadar bunday tibbiyot punktlarini oilaviy poliklinikalardan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan 272 ta mahallada ham barpo etish;
- 30 ta oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarini tashkil etib, ularni jihozlash, 2023-yilda yana qoʻshimcha 140 ta oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarini tashkil etish;
- ikki oy muddatda onalar va bolalar salomatligi boʻyicha uch yillik dasturni ishlab chiqish, unda tugʻruq boʻlimlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, tugʻruq oʻrinlarini bosqichma-bosqich koʻpaytirish, bolalarda tugʻma nuqsonlarni oldini olish va erta aniqlash, maxsus dori vositalari bilan taʼminlash, Akusherlik-ginekologiya, Skrining va Reproduktiv salomatlik markazlarining yagona vertikal tizimini yaratishni nazarda tutish;
Vazirlar Mahkamasiga hamshiralarni oʻqitish va malakasini oshirish, mehnatiga haq toʻlash miqdorini oshirish, umuman, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish masalalarini oʻz ichiga olgan qaror loyihasini tayyorlashga topshiriq berildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling