Toshkent shahrida yana tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklandi — video

Vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi

Videodan lavha

Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Mirobod tumanida tez yordam xodimlari kaltaklanganiga doir xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatga munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 16 oktyabr soat 18:50 atrofida Mirobod tumani, Temir yo‘lchilar ko‘chasi, 1/5-uy oldiga 30 yoshli noma’lum erkak kishida qon ketish (xushsiz) sababi bilan yo‘lovchi fuqaro tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiruv kelib tushgan.

Shundan so‘ng shifokor va feldsher 397-sonli «103» brigadasi chaqiruv manziliga yetib borgan.

Shuningdek, tez yordam xodimlari manzilga kelganida, ko‘chada bemorligi aytilgan 22 yoshli fuqaro noadekvat holatda yon-atrofdagi kishilarga tajovuz qilayotgani ma’lum bo‘lgan. «103» ko‘chma brigadasi unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganda, mushtumzo‘r fuqaro shifokorlarga kuch ishlatib, tez tibbiy yordam mashinasiga ham jiddiy zarar yetkazgan.

Voqea jiddiy tus olayotganini ko‘rgan tez tibbiy yordam xodimlari darhol tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari yetib kelguniga qadar fuqaro «103» brigadasi haydovchisini kaltaklab, unga jarohat yetkazgan.

Oqibatda jiddiy tan jarohati olgan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga boshqa brigada tomonidan olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

Shuningdek, ko‘chma brigada shifokori shifoxonada ambulator tartibda mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilib, unga qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Shuningdek, vazirlik ushbu vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotgani ma’lum qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling