Foto: Videodan lavha
Surxondaryo viloyatida katta tezlikda harakatlanayotgan Lacetti mashinasi daraxtga borib urildi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 17-dekabr kuni soat 00:40 atrofida Uzun tumani Qorashiq mahallasi hududidan oʻtgan yoʻlda sodir boʻlgan. Unga koʻra, Sariosiyo-Uzun yoʻnalishida harakatlanayotgan 18 yoshli Lacetti haydovchisi yoʻl chetidagi daraxtga urilib, YTH sodir etgan.
Maʼlum qilinishicha, mashinada haydovchi bilan birga bir nafar yoʻlovchi ham boʻlgan. Hodisa oqibatida haydovchi vafot etgan, yoʻlovchi esa shifoxonaga olib ketilgan.
Foto: Videodan lavha
"Oq Lacetti katta tezlikda oʻtib ketdi. Bizdan oʻtdida mashina siltana boshladi. Keyin, agʻdarilib, chang boʻlib ketdi. Qolganini koʻrib boʻlmadi. U yerga yugurib bordik. Biz bolalarni mashinadan chiqarib oldik. Birinchi bolani ahvoli yaxshi edi. Koʻzi ochiq oʻtirgandi. Shifoxonaga olib ketayotgan vaqtimizda shifokor yana bir tekshiraylik deb, tekshirgandi joni uzilgan ekan”, - deydi guvohlardan biri.
Xabarga koʻra, haydovchi tezlikni oshirgani uchun mashina boshqaruvini yoʻqotgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling