Yaponiyada kuchli qor tufayli 16 mingdan ortiq uy elektrsiz qoldi

Ayrim poyezdlar qatnovi ham bekor qilingan

Foto: Trend.az<br>

Foto: Trend.az

Yaponiyaning Yapon dengizi qirgʻoqlari boʻylab va asosiy Xonsyu orolining shimoli-sharqidagi bir qancha mintaqalarida kuchli qor yogʻishi tufayli kamida 16 ming uy elektr taʼminotisiz qoldi. Bu haqda “TACC” nashri Tohoku Electric Power energetika kompaniyasi maʼlumotlariga tayanib xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Niigata prefekturasi eng koʻp muammolarni boshdan kechirmoqda, u yerda 11 ming xonadon elektr energiyasidan uzilgan. Hozirda elektr taʼminotini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Xabarga koʻra, 18-dekabr kuni Yaponiyaning shimoli-sharqiy hududlarida kuchli qor yoqqan. Aomori, Niigata, Fukusima va Yamagata kabi baʼzi prefekturalarda qor qalinligi bir-ikki metrni tashkil etadi. Maʼlum qilinishicha, bu yilning shu davri uchun rekord darajada hisoblanadi.

Viloyatda yuqori tezlikdagi avtomobil yoʻllarida avtomobil transportining harakati qiyinlashgan. Ayrim poyezdlar qatnovi ham bekor qilingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling