Rossiyalik oligarxning milliard dollarlik mulki urushni tanqid qilgani uchun olib qo'yildi

U  avlodlar Rossiyani yana 200 yil laʼnat bilan eslashini aytgan

Foto: RBC

Foto: RBC

Rossiyaning Krasnodar oʻlkasi sudi milliarder Oleg Deripaskaning “Imeretinskiy” mehmonxona majmuasi va Sochidagi yaxta portini olib qoʻyish haqida qaror chiqardi.

The Financial Times nashri yozishicha, tortib olingan mulk qiymati 1 mlrd dollarni tashkil etadi.

Mahkama hujjatiga koʻra, Deripaska mulkdan maqsadsiz foydalanish va oʻzboshimchalik bilan qurilish qilishda ayblangan. Milliarderga qarshi daʼvo bilan chiqqan “Sirius” markazi Rossiya rahbariyatiga yaqin tuzilma ekani aytiladi.

Gʻarb matbuoti Deripaskaning mol-mulki tortib olingani Ukraina urushi borasidagi tanqidiy fikrlari bilan bogʻliq ekani haqida yozgan.

2022-yil 24-fevral kuni rus qoʻshini Ukrainaga bostirib kirganidan keyinoq Deripaska ijtimoiy tarmoq orqali Rossiya rahbariyatiga nisbatan tanqidiy ruhda postlar qoʻygan. Xususan, mart oyida u Ukrainadagi yadro obyektlari haqida yozar ekan, obyektlarda biron kor-hol yuz bergudek boʻlsa, avlodlar Rossiyani yana 200 yil laʼnat bilan eslashidan ogohlantirgan.

Soʻnggi xabarlarga koʻra, Kreml Deripaskaning mulki olib qoʻyilgani faktini uning Ukrainaga doir fikrlari bilan bogʻlamaslikni soʻragan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga koʻra, milliarder hech qachon Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus amaliyoti” borasida qarshi fikr bildirmagan, shunchaki vazifalar toʻgʻri bajarilishini tavsiya etmoqda.

Oleg Deripaska alyuminiy biznesi ortidan boyigan tadbirkordir. 2008-yilda u Rossiyaning eng boy kishisi deb topilgan (28 mlrd dollar). Deripaska Ukraina urushi ortidan katta moliyaviy zarar koʻrmoqda. Birgina aprel oyida u bir milliard dollardan koʻproq “kambagʻallashgan”.

Milliarder 2017-yilda Kipr fuqaroligini olgan edi. Putin loyihalarini moliyalashtirish aybi bilan Yevropa Ittifoqi sanksiyasiga tushgach, u 2022-yil aprel oyida Kipr fuqaroligidan ham mahrum etilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling