Namangan shahridagi 38-maktab direktori o‘qituvchining aybini yopish uchun maktabga kelgan tekshiruvchiga pora berganini, ushbu harajatni qoplash uchun o‘qituvchilarga pul yig‘ib berishi kerakligini aytgan. Bu haqda Daryo xabar berdi.
Qayd etilishicha, ta’lim muassasasi — Namangan shahridagi 38-umumta’lim maktabida Xalq ta’limi vazirligining nazorat- huquqiy inspeksiyasi vakillari va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan o'rganish olib borilgan.
Maktab o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida videolavhada keltirilgan gaplar haqiqatan maktab direktori tomonidan aytilgani, biroq pedagog-xodimlardan pul mablag‘lari yig‘ilmagani ma’lum bo‘lgan.
“Maktab direktori Abdulahad Rahimovdan tushuntirish xati olinib, o‘z ishiga nisbatan mas’uliyatsiz va layoqatsizlik, sovuqqonlik bilan yondashgani uchun mehnat ta’tili davri tugaganidan so‘ng unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi bildiriladi”, — deyilgan Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi munosabatida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling