Foto: telegram/nasafnewsuz
Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Shahrisabzdagi maktabning tom qismi qulab tushgani tasvirlangan videoga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz shahridagi 6-sonli umumta'lim maktabining tom qismi qulab tushgani tasvirlangan video tarqaldi.
Ma'lum qilinishicha, Shahrisabz shahridagi 6-sonli maktab binosi 2017-yilda qurilgan bo'lib, quvvati 630 o'rinli maktabda hozirda 1064 nafar o'quvchi tahsil olmoqda. Maktabning navbatlilik koeffitsienti 1.7 ni tashkil etadi. Maktabning 1926-yilda loy paxsali binosi o'rniga 2017-yil Investitsiya dasturi asosida 630 o'rinli zamonaviy yangi o'quv binosi qurilgan. Maktabda qurilish tiklash ishlarini viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida “Sa'dullo bobo” MChJ tomonidan qurilgan bo'lib, ob'ektning qiymati 2,27 milliard so'mni tashkil etadi.
“Tasvirda yoritilgan maktab eski binosi esa 1926-yilda qurilgan bino bo'lib, ushbu binodan 2017-yildan buyon foydalanilmaydi. Maktab binosini eskirgan tom qismini qulab tushishi natijasida biror-bir maktab mas'ullari yoki pedagog jamoaga shikast yetmagan. Hozirda esa tasvirda ko'rsatilgan parta, stul hamda mebel jihozlardan maktab ma'muriyatida foydalanilmaydi”, deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, demografik o'sishni inobatga olib 2025-yillarda maktabga qo'shimcha bino quriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling