Britaniya razvedkasi: "Putin 30-sentabr kuni bosib olingan yerlar Rossiyaga qo'shilganini e'lon qilmoqchi"

Kuzatuvchilar bu referndumni demokratik standartlarga javob bermaydi deb hisoblashadi

Foto: tass.com

Foto: tass.com

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 30-sentyabr kuni Ukrainaning bosib olingan hududlari Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilganini rasman e’lon qilishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarida 27-sentyabr kuni Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha “referendum” deb nomlangan ovoz berishning so‘nggi kuni o‘tkazilyapti. Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlari aholisi Moskva vaqti bilan soat 16:00 ga qadar o‘z hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shish tashabbusiga o‘z munosabatini bildirish imkoniyatiga ega.

Kuzatuvchilar bu “referendumlar”ni xalqaro huquqning buzilishi sifatida tanqid qilmoqda. Jahon hamjamiyati ularning natijalarini tan olmaydi, ovoz berish Ukraina va xalqaro qonunlarga zid ravishda o‘tkazilmoqda va minimal demokratik standartlarga javob bermaydi deb hisoblashadi.

Bir necha kundirki, Rossiya televideniyesi Ukrainaning bosib olingan viloyatlari aholisining RFga qo‘shilishi kutilayotganidan xursandligini namoyish qilmoqda. Shu bilan birga, mustaqil matbuot odamlar bosim ostida va qurol yordamida ovoz berishga majburlanayotganini da’vo qilmoqda.

“Referendum” natijalari 27-sentabr kuni kechqurun e’lon qilinishi ham mumkin. Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish tashabbusini ma’qullash 80-90 foiz darajasida e’lon qilinishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ayirmachi yetakchilar Putindan bosib olingan hududlarni Rossiya tarkibiga kiritishni rasman so‘rashadi. Kreml allaqachon bu petitsiyalarni imkon qadar tezroq ko‘rib chiqish mumkinligini aytgan.

Bir tomonlama “referendumlar” boshlanishidan oldin ham Putin, agar Kiyev Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olingan Ukraina hududlarini o‘qqa tutishda davom etsa, bu Rossiya hududiga qilingan hujum sifatida baholanishi va Moskva bunga javoban o‘zidagi barcha vositalardan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling