Foto: UFA
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Professional futbol maktablari ligasi (PFML)da kelishilgan oʻyin uyushtirib, unda qatnashgan murabbiylar bir yil muddatga futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlatildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 17-oktyabr kuni Professional futbol maktablari ligasi (U-16) “B” guruhi soʻnggi 7-turi oldidan Andijon, Navoiy, Buxoro va Namangan futbol mahorati maktab (FMM)larining jamoalari keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega boʻlgan. Shu bois soʻnggi turdagi Navoiy FMM — Andijon FMM va Buxoro FMM — Namangan FMM oʻyinlari bir vaqtda boshlangan (oʻyin davomiyligi 70 daqiqa, bir taym 35 daqiqadan).
Navoiy FMM — Andijon FMM uchrashuvi asosiy vaqti tugashiga bir daqiqa qolganida navoiyliklar gol urib, oʻyinni 1:0 hisobidagi gʻalaba bilan yakunlagan. Ayni vaqtda, Buxoro FMM — Namangan FMM uchrashuvining 70-daqiqasiga qadar namanganliklar 2:1 hisobida oldinda borayotan boʻlgan.
OʻFA matbuot xizmatining qayd etishicha, Buxoro FMM jamoasi bosh hakam tomonidan qoʻshib berilgan to'rt daqiqa ichida — 70+2 va 70+4-daqiqalarda Namangan FMM jamoasi darvozasini “shubhali tarzda” ishgʻol qilgan. “Eng achinarlisi, Namangan FMM va Buxoro FMM jamoalari futbolchilari gollardan soʻng bir-birini ochiqchasiga tabriklagan”, — deyiladi assotsiatsiya axborotida.
Bundan tashqari, Namangan FMM bosh murabbiyi tomonidan oʻyinning 70+3-daqiqasida uchta himoyachi almashtirilib, ularning barchasi hamda darvozabon Buxoro FMM futbolchilariga qarshilik koʻrsatmasdan, atayin gol oʻtkazib yuborgan. Natijada Buxoro FMM jamoasi uchrashuvda 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, “B” guruhidan 2-oʻrin bilan pley-off yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.
“Mazkur uchrashuv bosh hakami Ruslan Samandarovning hamda boshqa yordamchi hakamlarning bildirishnomalarida uchrashuv davomida har ikkala jamoa futbolchilari va murabbiylari kelishganliklari bayon qilingan”, — deya taʼkidlanadi OʻFA axborotida.
Shu munosabat bilan, Professional futbol maktablari ligasi Tashkiliy qoʻmitasining 19-oktyabrdagi yigʻilish bayoniga koʻra, Namangan FMM va Buxoro FMMlarning 2006-yilda tugʻilgan jamoalari “sport prinsiplariga xos boʻlmagan kelishilgan oʻyinda qatnashganliklari sababli” ularning 7-turdagi natijasi bekor qilingan va har ikkala jamoa musobaqadan chetlatilgan.
Shuningdek, OʻFA Tartib-intizom qoʻmitasi qaroriga muvofiq, Buxoro FMM U-16 jamoa bosh murabbiyi A.Sharipov va Namangan FMM U-16 jamoasi bosh murabbiyi Q.Mamajonov OʻFA Intizom kodeksining 5.44-bandiga (oʻzaro uchrashuvda oʻyin natijasiga taʼsir oʻtkazish maqsadida kelishuv uyushtirganliklari va qatnashganliklari uchun) asosan ” bir yil muddatga futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlatilgan.