Foto: Yahoo
Hindistonning shimolida joylashgan Uttarakxand shtatida avtobusning jarlikka qulab tushishi oqibatida 25 kishi halok bo'ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 4-oktyabrdan 5-oktyabrga o'tar kechasi Pauri Garxva tumanida bortida 40 nafar yo'lovchi bo'lgan avtobus yo'ldan chiqib ketib, jarlikka qulab tushgan.
Ma'lum qilinishicha, voqea avtobus to'y kortejini Laldhang shahridan Uttarakxanddagi Bironxal qishlog‘iga olib ketayotgan vaqtda sodir bo'lgan.
Xabarga ko'ra, hozirda shtatning tabiiy ofatlarga qarshi kurashish xizmati boshchiligida o'tkazilgan operatsiya natijasida 21 kishi qutqarib olingan. Bosh vazir Narendra Modi o'zining Twitter sahifasi orqali ushbu hodisa oqibati halok bo'lgan va hali topilmagan oilalar haqida qayg'urayotganini ma'lum qilgan.
Halokat sabablari hozircha noma'lum, biroq shtat rasmiylari hodisa yuzasidan tergov olib borilayotganini ta'kidlagan.
Xabarda aytilishicha, Hindistonda yo'l harakati xavfsizligi juda yomon. Har yili 100 mingdan ortiq kishi mashinani noto'g'ri haydash va ta'mirsiz yo'llar tufayli avariyalarda halok bo'ladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling