Foto: Gov.ua
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Indoneziyadagi sammitga kelgan G20 davlatlari vakillari bilan video aloqa orqali gaplashdi. U Rossiya tomonidan Ukrainada olib borilayotgan urushni toʻxtatishga chaqirdi va 10 banddan iborat “tinchlik formulasi” ni taqdim etdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
“Ishonchim komilki, hozir Rossiyaning vayronakor urushini toʻxtatish kerak va toʻxtatilishi mumkin boʻlgan vaqt keldi. Bu minglab odamlarning hayotini saqlab qoladi”, — deydi Zelenskiy oʻz nutqi davomida.
U bir necha bor “G20” oʻrniga “G19” iborasini qoʻllagan va bu orqali Rossiyani istisno qilgan.
Shuningdek, sammit davomida Zelenskiy ishtirokchilarga 10 banddan iborat boʻlgan “tinchlik formulasi”ni taqdim etgan. U shunday koʻrinishda: yadroviy, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, barcha asirlarni va Ukrainaning Rossiya hududiga olib ketilgan fuqarolarini ozod etish, Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash, Rossiya qoʻshinlarini Ukrainadan olib chiqish va harbiy harakatlar toʻxtatish, adolatning tiklanishi, ekotsidga qarshi kurash, eskalatsiyaning oldini olish, urush tugaganini qayd etish.
Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, rush “adolatli tarzda va BMT nizomi hamda xalqaro huquq” asosida yakunlanishi kerak. Shu bilan birga, u tinchlik jarayoni boshlanishi uchun Rossiya oʻz qoʻshinlarini olib ketishi, Ukrainaga keltirilgan zarar uchun tovon toʻlashi va uning hududiy yaxlitligini tan olishi darkorligini taʼkidlagan.
Maʼlum qilinishicha, prezident “urushdan keyingi xavfsizlik arxitekturasining asosiy elementlarini mustahkamlash” va Rossiya tajovuzi takrorlanishining oldini olish maqsadida xalqaro konferensiya oʻtkazishga chaqirgan.
Ukrainlar prezidenti barcha ukrain harbiy asirlarini ozod etishga chaqirib, Rossiyaga “barchani barchaga” formulasi boʻyicha asirlar almashuvi oʻtkazishni taklif etgan.
Prezidentning asosiy iltimoslaridan biri iyul oyida BMT va Rossiya oʻrtasida tuzilgan Ukraina gʻallasi boʻyicha kelishuvni uzaytirish boʻlgan. Bu kelishuv Rossiya harbiy kemalari tomonidan bloklab qoʻyilgan ukrain portlaridan oziq-ovqat olib chiqish imkoniyatini taʼminlaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, kelishuv kuchga kirganidan buyon Ukrainadan 10 mln tonnadan ortiq gʻalla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari muvaffaqiyatli eksport qilingan va bu global oziq-ovqat inqirozining oldini olishga yordam bergan. Kelishuv muddati 19-noyabrda tugaydi.
Xabarga koʻra, Zelenskiy, urush qachon tugashidan qatʼi nazar, kelishuv nomaʼlum muddatga uzaytirilishi kerakligini aytgan. “Oziq-ovqatga boʻlgan huquq dunyodagi har bir insonning asosiy huquqidir”, — deydi u.
Ukraina prezidenti gʻalla eksporti tashabbusini boshqa portlarga, xususan, Mikolayiv oblastidagi Mikolayiv va Olviya portlariga kengaytirishni taklif qildi.
Bloombergning bergan maʼlumotlariga koʻra, prezident Vladimir Putin oʻrniga Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Zelenskiyning videomurojaati vaqtida zalni tark etmagan.
Bundan tashqari, G20 ishtirokchilari ham Lavrovning oʻzi chiqish qilayotgan vaqtda boykot qilishmagan, u esa yana bir bor Rossiya Ukrainada natsistlarga qarshi kurashayotganini taʼkidlagan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling