Turkiy davlatlar tashkilotiga yangi Bosh kotib tayinlandi

Lavozimga Omuraliyev Kubanichbek Qosimovich tayinlandi

Foto: Xabardor.uz<br>

Foto: Xabardor.uz

Oʻzaro hurmat tamoyillariga qatʼiy sodiqlik asosida suverenitet, hududiy yaxlitlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga boʻlgan tahdidlarni yengish uchun koʻp qirrali munosabatlarimizni mustahkamlash zarur. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Samarqandda oʻtkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotidagi nutqi davomida taʼkidlab oʻtdi.

“Ochiqlik, teng huquqlilik va oʻzaro hurmat tamoyillariga qatʼiy sodiqlik asosida suverenitet, hududiy yaxlitlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga boʻlgan tahdidlarni yengish uchun koʻp qirrali munosabatlarimizni mustahkamlash va kengaytirish hamda umumiy imkoniyatlarimizni oshirishimiz zarur.

Tashkilot davlatlarining ushbu va boshqa asosiy yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma yondashuvlari Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga moʻljallangan Strategiyasida oʻz aksini topgan va biz bugun ushbu hujjatni tasdiqlaymiz”, — deydi u.

Shuningdek, sammit doirasida tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdoni osonlashtirish Strategiyasi tasdiqlandi. Soddalashtirilgan bojxona yoʻlagini shakllantirish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.

Norovning taʼkidlashicha, Turkiy investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishish katta yutuq hisoblanadi.

“Turkiy dunyoning iqtisodiy mezoni hamkorlikning lokomotivi va xalqlarimiz farovonligining asosi boʻlishi lozim. Mamlakatlarimizning yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank va moliya institutlari hamda tadbirkorlari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, samarali mintaqaviy hamkorlikni qurish zarur.

Oldimizda mintaqalararo savdo sohasida jiddiy ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi”, — Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov.

Shu bilan birga sammit doirasida, Turkiy davlatlar tashkilotiga yangi Bosh kotib tayinlandi. Soʻnggi uch yilda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi vazifasini bajarib kelgan Bogʻdod Amreyevning vakolat muddati tugadi.

Ushbu lavozimga Omuraliyev Kubanichbek tayinlandi.

Maʼlumot uchun, tashkilot Bosh kotibligi muddati — uch yil.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling