Foto: Tez News
Janubiy Koreyada ishlab, Suriyadagi terroristik tashkilot aʼzolarini moliyalashtirgan 29 yoshli fuqaro 10 yilga qamaldi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Qayd etilsihicha, 29 yoshli oʻzbekistonlik fuqaro 2014-yilda Koreya Respublikasiga borib, 2018-yilning oʻrtalarida internet tarmogʻi orqali xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar gʻoyaviy taʼsirida aqidaparastlik mazmunidagi materiallarni atrofdagilarga tarqatgani aniqlangan.
Maʼlum qilinishicha, u 2021-2022-yillar davomida oʻzi va boshqa maslakdoshlarining jami 24 mln soʻm miqdoridagi mablagʻlarini “moliyaviy jihod” sifatida xalqaro pul oʻtkazmalari va elektron ilovalar orqali Suriyadagi jangarilarga yuborgan.
Xabarga koʻra, mazkur shaxs DXX va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qoʻlga olingan.
Shuningdek, fuqaro Jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudi tomonidan u Jinoyat Kodeksining 244-1 (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish), 244-2 (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) va 155-3-moddalarida (terrorizmni moliyalashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling