Samarqanddagi qamoqxonada tan jarohati olgan shaxs ruhiy kasalliklar shifoxonasida vafot etdi — video

Unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan edi

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Samarqand viloyatining Urgut tumanida 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan erkak shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, Oqdaryo tumni “Oytamgʻali” mahallasida yashagan fuqaroga Payariq tumani sudining 2021-yil 3-fevraldagi sud buyrugʻiga asosan 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari voyaga yetguniga qadar aliment toʻlashi belgilangan. Ammo u 2021-yil fevral oyidan 2022-yil oktyabr oyiga qadar 23 mln 499 ming soʻm aliment pullarini toʻlamasdan kelganligi aniqlangan.

Shundan soʻng, Jinoyat ishlari boʻyicha Oqdaryo tuman sudining 25-oktyabrdagi qarori bilan ushbu fuqaroga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-4-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) 1-qismi bilan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, fuqaro 25-oktyabr kuni maʼmuriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun moʻljallangan Maxsus qabulxonaga olib borilgan. U yerda fuqaroning ruhiy holati yomonlashib boshini xona ichidagi burchakka urib, tan jarohati olgan.

U bilan bir xonada saqlanayotganlar, shuningdek maxsus qabulxona xodimlari unga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatgan. Keyin fuqaro Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga olib borilib, unga tibbiy yordam koʻrsatilgan.

Maxsus qabulxonaga keltirilgandan soʻng ham fuqaro xona ichida oʻziga-oʻzi gapirib, ruhiyatida buzilish holatlari aniqlangan. Shundan soʻng qabulxona boshligʻi xatiga asosan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga uning ruhiy holatini tekshirish uchun yuborilgan.

Shundan soʻng, 28-oktyabr kuni Urgut tumani “Halqobod” mahallasida joylashgan viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida fuqaro vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Marhumning oʻlimi sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi, IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling