Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta‘minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi. Bosh maqsad – aholining jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan roziligi va ishonchiga erishishdir.
Buning uchun yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi baʼzi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlat rahbari bu katta kuch ekanini taʼkidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Amalda profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.
Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi. Alohida “Kasbiy burchiga sodiqlik qasamyodi” qabul qilingan vaqtdan boshlab unga profilaktika inspektori maqomi berilgan hisoblanadi.
Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi. Davlat organlari profilaktika inspektorining so‘roviga 10 kunda yozma javob berishi, uning taqdimnomasi esa darhol ko‘rib chiqilib, bir oy ichida yozma ravishda javob yuborilishi belgilanmoqda.
Profilaktika inspektori davlat organlarining axborot tizimlaridan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. U huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qatʼiy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan taʼminlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya taʼminoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Profilaktika inspektorlariga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha maʼmuriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, 18 ta modda bo‘yicha maʼmuriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.
Profilaktika inspektorining aholi oldida hisobdorligi ham kuchaytiriladi. U xizmat hududida xavfsiz muhitni yaratish yuzasidan har chorakda hisobot berib boradi. Agar aholining 50 foizdan yuqori qismi uning faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik bildirsa, inspektor attestatsiyaga qo‘yiladi va lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqiladi.