Abituriyentlar bir vaqtning o'zida uchta akademik litseyga hujjat topshirishi mumkin bo'ladi

Tegishli qaror hozirda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan

Foto: UzReport.news<br>

Foto: UzReport.news

Endilikda abituriyentlarga bir vaqtning oʻzida uchta akademik litseyga hujjat topshirishga ruxsat beriladi. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Akademik litseylarga oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish, oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlatish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorda aytilgan.

Unga koʻra, abituriyentlarga roʻyxatdan oʻtishda uchtagacha akademik litseyning taʼlim tili bir xil boʻlgan bittadan mos yoʻnalishini tanlash imkoniyati beriladi.

Shuningdek, abituriyent oʻzi tanlagan hududda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazi yoki Toshkent shahrida) tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi.

Qayd etilishicha, akademik litseylarga hujjat topshiruvchilarni roʻyxatdan oʻtkazishni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, akademik litseyning tegishli yoʻnalishida oʻqish uchun kelib tushgan arizalar soni belgilangan qabul parametriga 2:1 nisbatdan kam boʻlgan hollarda mazkur yoʻnalish boʻyicha qabul parametrlarini tegishli oʻquv yili uchun arizalar soniga nisbatan ikki baravar qisqartiriladi.

Qarorga koʻra, akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini tanlab olish va oʻqishga qabul qilishga ruxsat beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling