Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi
Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi “Uchqizil” kanalida ikki fuqaro elektr qarmoq bilan baliq ovlayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, olib borilgan nazorat tadbirlari davomida Termiz tumani “Nurafshon” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi “Uchqizil” kanalidan Jarqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqarolar taqiqlangan usullar va taqiqlangan ov qurollari (elektr qarmoq) bilan ov qilayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Dalil sifatida huquqbuzarlardan bir dona rezina qayiq, bir dona akkumulyator, qoʻlbola elektr qarmoq va ovlangan baliqlar ashyoviy dalillar sifatida olib qoʻyilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolarning harakatida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunning 35 va 53-moddalari talabi buzilgan deb topilib, ularga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismiga muvofiq rasmiylashtirilgan maʼmuriy huquqbuzarlik bayonnomasi tuzilgan.
Bundan tashqari, hayvonot dunyosiga yetkazilgan 45 mln 180 ming soʻm zarar boʻyicha toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tumani sudiga oʻtkazish chorasi koʻrilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling